Xasanova Dilbar Karimdjanovna
Xasanova Dilbar Karimdjonovna
O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi dotsenti
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Biografiya
TARJIMAI HOL
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Xasanova Dilbar Karimjonovna umumiy mehnat faoliyati bo‘yicha 16 yillik ish tajribasiga ega.
2003–2007-yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olib, ingliz filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasini olgan. 2019-yilda Toshkent shahridagi Webster universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. Mutaxassisligi – filologiya (ingliz tili) hamda ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘qitish. 2023-yilda Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga va dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan.
Mehnat faoliyatini 2010-yilda Olmazor tumanidagi 94-son maktabgacha ta’lim muassasasida ingliz tili o‘qituvchisi sifatida boshlagan. 2011–2019-yillarda Toshkent Bank kollejida o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritgan.
2019-yil sentabr oyidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Chet tillari kafedrasida o‘qituvchi-stajyor sifatida ish boshlagan. 2022-yildan o‘qituvchi, 2023-yil sentabr oyidan katta o‘qituvchi, 2025-yil iyun oyidan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi dotsenti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, chet tillarini o‘qitish metodikasini takomillashtirish hamda talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish yo‘nalishlarida samarali ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
D.K.Xasanova tomonidan yakka mualliflikda 1 ta darslik, 1 ta monografiya va 1 ta o‘quv qo‘llanma nashr etilgan. Shuningdek, 3 ta o‘quv qo‘llanma va 1 ta darslik hammualliflikda tayyorlangan.
U xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalar tomonidan tashkil etiladigan seminar, trening va xalqaro konferensiyalarda muntazam ishtirok etib, kasbiy malakasini izchil oshirib kelmoqda. Jumladan, 2020-yilda Chexiya Respublikasining Brno shahrida Erasmus+ dasturi doirasida tashkil etilgan “Presentation Skills” seminarida qatnashgan. 2023-yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan “TESOL Arabia 2023” xalqaro konferensiyasida “Using Technological Assessment Tools in ESL Classes” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etgan.
2024-yil 4–24-fevral kunlari Hindiston texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi (Indian Technical and Economic Cooperation – ITEC) grantining g‘olibi sifatida Hindistonning Uttar-Pradesh shtati Noida shahridagi Centre for Development of Advanced Computing (CDAC) markazida tashkil etilgan “Specialised Programme on Artificial Intelligence” dasturi bo‘yicha malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlagan.
Ilmiy faoliyati davomida 50 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar nashr ettirgan. Uning ilmiy ishlari xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan bo‘lib, Google Scholar platformasida h-indeksi 5, i10-indeksi 3, umumiy iqtiboslar soni 70 tani tashkil etadi. ResearchGate platformasida esa h-indeksi 3 bo‘lib, ilmiy ishlariga 20 marotaba iqtibos berilgan.
D.K. Xasanova jamoatchilik ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, 2022-yildan buyon Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti Kengashi kotibi sifatida samarali faoliyat yuritmoqda.
Ingliz va rus tillarini mukammal biladi.
Oilali. Turmush o‘rtog‘i – Normurodov Ilhom Qarshiyevich. Ikki nafar farzandi bor: Normurodov Muhammadali Ilhom o‘g‘li va Normurodova Madina Ilhom qizi.