Qо‘ysinova Fazilat Oripovna
Xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti
Siyosiy fanlar doktori
Biografiya
Siyosiy fanlari doktori, dotsent Qо‘ysinova Fazilat Oripovna umumiy mehnat faoliyati bo‘yicha 32 yillik ish tajribasiga ega.
Mehnat faoliyatini 1994-1995 –yillarda Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Navruz jamoa xo‘jaligi ishchi sifatida boshlagan.
1995-2000 –yillarda Jizzax Davlat pedagogika institutida tahsil olgan. 2000-2002 -yillarda mazkur institutning “Umumiy tarix” kafedrasida o‘qituvchi lavozimida ishlagan.
2002-2006 –yillarda Jizzax olimpiya zahiralari kollejida tarix, huquqshunoslik fanlari o‘qituvchisi lavozimida faoliyat olib borgan.
2006-2017 –yillarda Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti “Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasisi katta o‘qituvchisi lavozimida ishlagan.
2017-2020 –yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tayanch doktoranturasida ilmiy faoliyat olib borgan.
2020-2020 –yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ilmiy – innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan.
2020-2020 –yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘quv-uslubiy bo‘lim dispetcheri, 2020-2021 –yillarda mazkur akademiyaning kengash kotibi, 2021–2022 –yillarda akademiyaning xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi lavozimlarida faoliyat olib borgan.
2022-2025–yillarda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi, innovatsiya va ilm fanni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi-ilmiy xodim lavozimida ishlagan.
2025-yildan buyon O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Shu kunga qadar F.Qo‘ysinova 250 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar muallifi bo‘lib, ular qatorida 4 ta monografiya, 3 ta darslik, 4 ta o‘quv qo‘llanma, 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar mavjud. Uning ishlari nafaqat O‘zbekiston, balki nufuzli xalqaro ilmiy jurnallar va to‘plamlarda ham chop etilgan. Ilmiy faoliyatida asosiy e’tibor siyosiy tahlil, halqaro munosabatlar sohalaridagi dolzarb muammolarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan.
F.Qo‘ysinova pedagogik faoliyati davomida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, o‘qitish jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy etish, talabalarning mustaqil fikrlash qobiliyati va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirgan. Uning darslari zamonaviy yondashuvlar va innovatsion metodlar asosida olib borilib, talabalarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda, ularning amaliy tajribasini shakllantirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, F.Qo‘ysinova ilmiy loyihalarda faol qatnashgan.
F.Qo‘ysinova 2020 yilda “Islom konferensiyasi tashkiloti Yaqin Sharq arab davlatlari siyosiy integratsiyalashuvining omili sifatida” dissertatsiya mavzusida 23.00.04 - Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari ixtisosligidan siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, 2025 yilda “Harbiy xizmatchilar o‘rtasida radikallashuv jarayonlarini oldini olishning siyosiy va mafkuraviy vazifalari (Mudofaa vazirligi misolida)” dissertatsiya mavzusida 21.01.02 -Strategiya (jumladan Qurolli Kuchlar boshqaruvi, strategik yoyilish, strategik operatsiyalar (jangovar harakatlar) va ularning barcha ko‘rinishdagi ta’minoti, davlatning harbiy xavfsizligi ixtisosligidan siyosiy fanlar doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan.
F.Qo‘ysinova ilmiy rahbar sifatida ham samarali faoliyat yuritib, uning rahbarligida bir qator bakalavr, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan.
F.Qo‘ysinova O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan I-, II-, III-darajali “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.