Qolqanov Nuriddin Tashpulatovich
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Biografiya
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Qolqanov Nuriddin Tashpulatovich umumiy mehnat faoliyati bo‘yicha 26 yillik ish tajribasiga ega.
Mehnat faoliyatini 2000–2005-yillarda Toshkent pedagogika kollejida tarix fani o‘qituvchisi sifatida boshlagan.
2005–2008-yillar davomida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti aspiranti;
2008–2020-yillar davomida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, dotsenti, kafedra mudiri lavozimlarida davom ettiradi. Shu vaqtlarda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi “Tashkiliy-partiyaviy va kadrlar masalalari bo‘limi yetakchi mutaxassisi lavozimida ham o‘rindoshlik asosida ishlagan.
2020–2021-yillar davomida Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2023-yil oktyabr buyon O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Xalqaro munosabatlar kafedrasida dotsent lavozimida ishlamoqda.
Qolqanov Nuriddin 2015-yilda “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” umumrespublika tanlovining respublika bosqichida “Eng yaxshi pedagog-tadqiqotchi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Qolqanov Nuriddin tomonidan ilk bora siyosiy yetakchi imiji muammolari tadqiq etilib, tadqiqotlari natijasida, 2018-yilda 23.00.03 – Siyosiy madaniyat va mafkura ixtisosligidan “Zamonaviy sharoitda siyosiy yetakchi imijining shakllanish jarayoni” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Shu kunga qadar N. Qolqanov 150 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar muallifi bo‘lib, ular qatorida 3 ta monografiya, 4 ta o‘quv qo‘llanma, 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar mavjud. Uning ishlari nafaqat O‘zbekiston, balki nufuzli xalqaro ilmiy jurnallar va to‘plamlarda ham chop etilgan. Ilmiy faoliyatida asosiy e’tibor siyosiy tahlil, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar dolzarb muammolari va tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlarini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan.
N. Qolqanov pedagogik faoliyati davomida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, o‘qitish jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy etish, talabalarning mustaqil fikrlash qobiliyati va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirgan. Uning darslari zamonaviy yondashuvlar va innovatsion metodlar asosida olib borilib, talabalarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda, ularning amaliy tajribasini shakllantirishga qaratilgan.
Qolqanov Nuriddinning rahbarligida 3 ta siyosatshunoslik, 1 ta pedagogika sohasidagi tadqiqotchilar ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda.