Pirmuxamedov Baxodir Baxromovich
Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta o‘qituvchisi
Biografiya
“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Pirmuxamedov Baxodir Baxramovich umumiy mehnat faoliyati boʻyicha 30 yildan ortiq, jumladan, oliy taʼlim tizimida boy ish tajribasiga ega mutaxassisdir.
Mehnat faoliyatini 1992–1997-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabasi sifatida boshlagan. Oliy taʼlimni muvaffaqiyatli tamomlagach, 1998–2000-yillarda ushbu institutning Arab filologiyasi kafedrasi oʻqituvchisi lavozimida faoliyat yuritgan. 2000–2003-yillarda Toshkent islom universiteti aspiranti boʻlish bilan bir qatorda, oʻrindoshlik asosida Sharq tillari kafedrasi oʻqituvchisi sifatida ham samarali mehnat qilgan. B.Pirmuxamedov oʻzining professional tarjimonlik va pedagogik faoliyatini xalqaro miqyosda ham davom ettirib, 2003–2011-yillarda Misr Arab Respublikasi elchixonasi qoshidagi Madaniyat markazida arab tili oʻqituvchisi va tarjimon, 2011–2021-yillarda esa Ummon Sultonligining Toshkentdagi elchixonasida tarjimon lavozimlarida masʼuliyat bilan faoliyat olib borgan.
Elchixonalardagi faoliyati davomida oliy taʼlim bilan aloqani uzmagan holda, 2015–2018-yillarda Toshkent islom universiteti Sharq tillari kafedrasi oʻqituvchisi, 2018-yilda esa ushbu kafedraning katta oʻqituvchisi lavozimlarida ishlab, talabalarga arab tilidan saboq bergan. Tizimdagi islohotlar natijasida u oʻz faoliyatini Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida davom ettirdi. Xususan, 2018–2019-yillarda akademiyaning Sharq filologiyasi kafedrasi katta oʻqituvchisi, 2019-yildan buyon esa arab tili va adabiyoti “al-Azhar” kafedrasi katta oʻqituvchisi lavozimida samarali mehnat qilib kelmoqda. Shuningdek, u 2022-yildan boshlab Qatar Davlatining Toshkentdagi elchixonasida oʻrindoshlik asosida tarjimonlik faoliyatini ham yuritib kelmoqda.
Bugungi kunda u “Mahmud Zamaxshariyning “Rabi‘ul-abror” asaridagi hadislar frazeologik birikmalarining semantik tahlili” ilmiy ishi yuzasidan o ‘zining izlanishlarini olib bormoqda. Shu kunga qadar B.Pirmuxamedov 20dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar muallifi bo‘lib, ular qatorida 1ta monografiya, 1ta darslik, 20 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar mavjud. Uning ishlari nafaqat O‘zbekiston, balki nufuzli xalqaro ilmiy jurnallar va to‘plamlarda ham chop etilgan.
B.Pirmuxamedov oʻzining koʻp yillik pedagogik faoliyati davomida arab filologiyasi sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, talabalarning til koʻnikmalari va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshib kelmoqda. Uning darslari zamonaviy metodlar, sohaviy matnlarni bevosita tarjima qilish va amaliy filologik yondashuvlar asosida tashkil etilib, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bogʻlashga qaratilgan.
Shu bilan bir qatorda, u xorijiy davlatlar (Misr, Ummon, Qatar) elchixonalaridagi koʻp yillik tarjimonlik tajribasi orqali talabalarga tilning sof amaliy va diplomatik jihatlarini yetkazishda faollik koʻrsatib kelmoqda.