Mirziyotov Ilyos Mirg'byosovich
Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani
Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent
Biografiya
Mirziyotov Ilyos Mirgiyosovich
Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Mirziyotov Ilyos Mirgiyosovich umumiy mehnat faoliyati bo‘yicha 35 yillik ish tajribasiga ega.
1991-1995-yillarda – Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘qituvchi, so‘ngra katta o‘qituvchi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 1995-1996-yillarda Misr Arab Respublikasi “Al-Azhar” universitetida mehnat stajirovkasini o‘tagan.
1996-1998-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Sharq filologiyasi fakulteti katta o‘qituvchisi va dekan o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan.
1998-2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Millatlararo munosabatlar va din ishlari bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmati, Tashkiliy-kadrlar xizmati, Jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlash xizmatida mas’ul xodim sifatida ish faoliyatini olib borgan. 2017-2019-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi bosh ilmiy xodim, Ilmiy-tadqiqot va ta’lim markazi mudiri lavozimlarida ishlagan. 2019-2022-yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani. 2022-2025-yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori. 2025-yildan buyon O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani lavozimida faoliyat yuritmoqda.
2006-yilda “Do‘stlik” ordeni davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
2008-yilda “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida sog‘lom e’tiqodni shakllantirish masalalari (milliy-diniy qadriyatlar misolida)” mavzusida nomzodlik ishini himoya qilgan. 2022-yilda dotsent ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan.
Shu kunga qadar I.Mirziyotov 50ga yaqin ilmiy-uslubiy ishlar muallifi bo‘lib, ular qatorida 3 ta monografiya, 4 ta o‘quv qo‘llanma, 40ga yaqiy ilmiy maqola va tezislar mavjud. Uning ishlari nafaqat O‘zbekiston, balki nufuzli xalqaro ilmiy jurnallar va to‘plamlarda ham chop etilgan. Ilmiy faoliyatida asosiy e’tibor diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi dolzarb muammolar hamda arab tilshunosligi va metodikasi masalalarini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan. I.Mirziyotov pedagogik va rahbarlik faoliyati davomida, xususan, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor hamda hozirgi kunda Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani va pedagog sifatida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom e’tiqod va milliy o‘zlikni shakllantirish, o‘qitish jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy etish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Shu bilan birga, I.Mirziyotov ilmiy loyihalar yo‘nalishida ham faol faoliyat yuritib, madaniyatlararo va dinlararo muloqot masalalari bo‘yicha anjumanlarda ishtirok etgan. Shunga ko‘ra, u O‘zbekistondagi milliy siyosat, diniy bag‘rikenglik va etno-konfessional masalalarni xorijda keng targ‘ib qilish, ta’lim tizimida sog‘lom e’tiqod pedagogikasini rivojlantirish va arab tilini o‘qitish metodlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan hamkorlik tadbirlarida qatnashib kelmoqda.
I.Mirziyotov ilmiy rahbar sifatida ham samarali faoliyat yuritib, uning rahbarligi va ilmiy maslahatlarigi bilan sog‘lom e’tiqod tarbiyasi, sharqshunoslik va arab adabiyotining dolzarb muammolari bo‘yicha bir qator bitiruv malakaviy ishlar muvaffaqiyatli bajarilib, amaliyotga tatbiq etilgan.