Mirqosimova Marguba Mirqobilovna
Mirqosimova Marg‘uba Mirqobilovna
Din psixologiyasi va pedagogika kafedrasi professori
pedagogika fanlari doktori
Biografiya
Pedagogika fanlari doktori, professor, Turon Fanlar Akademiyasi akademigi Marg‘uba Mirqobilovna Mirqosimova O‘zbekiston pedagogika fani taraqqiyoti, oliy ta’lim tizimi rivoji hamda yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan yetuk olima va tajribali pedagoglardan biridir.
Marg‘uba Mirqobilovna 1960-yil 31-yanvarda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. Ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak qiziqishi va intilishi uni 1976-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) O‘zbek filologiyasi fakultetiga yetakladi. U mazkur oliy ta’lim muassasasini 1981-yilda imtiyozli diplom bilan tamomlab, ilmiy faoliyatini davom ettirish maqsadida Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasiga o‘qishga kiradi.
1986-yilda fan nomzodi, 1996-yilda pedagogika fanlari doktori ilmiy darajalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1998-yilda esa pedagogika fanlari bo‘yicha professor ilmiy unvoni bilan taqdirlgan.
Professor M.M. Mirqosimovaning ilmiy faoliyati ko‘lami nihoyatda keng va sermahsuldir. U tomonidan pedagogika, psixologiya, tarbiya nazariyasi, kitobxonlik madaniyati, badiiy pedagogika, pedagogik mahorat, ta’lim texnologiyalari hamda shaxs kamoloti masalalariga bag‘ishlangan 200 dan ortiq ilmiy, ilmiy-uslubiy va o‘quv-metodik ishlar yaratilgan. Jumladan, 4 ta monografiya, 5 ta darslik, 10 ta o‘quv qo‘llanma, 6 ta uslubiy qo‘llanma hamda ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. Uning ilmiy ishlari nafaqat respublika miqyosida, balki xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilib, nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda muntazam chop etib kelinmoqda. Olimaning Hirsch indeksi (H-index) 8 ni tashkil etadi.
Professor M.M. Mirqosimova ilmiy maktab yaratgan olimalardan biri sifatida ham tanilgan. Uning ilmiy rahbarligida 5 nafar fan doktori (DSc) va 15 nafar falsafa doktori (PhD) tayyorlangan bo‘lib, bu uning ilmiy-pedagogik salohiyati va ilmiy rahbarlik mahoratining yorqin ifodasidir.
2014-yildan buyon O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida faoliyat yuritib, bakalavriat bosqichida “Umumiy pedagogika”, “Tarbiya fanini o‘qitish metodikasi”, magistratura bosqichida esa “Maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi” fanlaridan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib bormoqda.
Hozirgi kunda u O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi professori sifatida samarali faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining pedagogika va psixologiya ixtisosliklari bo‘yicha Ekspert kengashi a’zosi sifatida mamlakatimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Olima tomonidan yaratilgan qator ilmiy va o‘quv-metodik asarlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Intellektual mulk agentligi tomonidan mualliflik huquqi va patentlar bilan himoyalangan. Bu esa uning ilmiy ishlanmalari innovatsion ahamiyatga ega ekanligini tasdiqlaydi.
Ko‘p yillik samarali ilmiy-pedagogik faoliyati, ta’lim va fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi munosabati bilan professor Marg‘uba Mirqobilovna Mirqosimova bir qator nufuzli mukofot va e’tiroflarga sazovor bo‘lgan. Jumladan, 2025-yilda Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan ta’sis etilgan “Chingiz Aytmatov nomidagi Oltin qalam” mukofoti bilan taqdirlangan. Shuningdek, “Fidoyi o‘qituvchi” ko‘krak nishoni hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlangan.