Matibaeyva Raziya Baltabaevna
Arab tili va adabiyoti al-Azhar kafedrasi mudiri
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Biografiya
Tarix fanlari doktori, professor Matibayeva Raziya Baltabayevna umumiy mehnat faoliyati bo‘yicha 40 yillik, shu jumladan, 39 yillik ilmiy-pedagogik ish tajribasiga ega.
Olima mehnat faoliyatini 1986-yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagach, «Progress» nashriyotida arab tili bo‘yicha muharrir-korrektor sifatida boshlagan. 1987–1997-yillarda umumta’lim maktabida arab tili o‘qituvchisi va direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 1997–1999-yillarda esa Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Arab filologiyasi kafedrasida katta o‘qituvchi bo‘lib xizmat qilgan.
1999–2010-yillar davomida Toshkent islom universitetining Sharq tillari kafedrasi mudiri va katta o‘qituvchisi sifatida samarali faoliyat yuritgan. 2010–2018-yillarda mazkur kafedra dotsenti hamda universitetning Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifalarini bajargan.
2018–2020-yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i, 2020–2022-yillarda esa Arab tili va adabiyoti al-Azhar kafedrasi dotsenti sifatida mehnat qilgan. 2022-yildan boshlab mazkur kafedra mudiri lavozimida ishlab kelgan. 2026-yildan buyon O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Arab tili va adabiyoti al-Azhar kafedrasi mudiri va professori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Shu kunga qadar R. Matibayeva ko‘plab ilmiy-uslubiy ishlar muallifi bo‘lib, uning ilmiy merosi qatorida beshta monografiya, bitta arab tili fanidan darslik, to‘rtta o‘quv qo‘llanma, uchta uslubiy qo‘llanma, bitta xrestomatiya hamda 200 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar mavjud. Shuningdek, nufuzli Scopus bazasidagi jurnallarda ham olimaning beshta maqolasi e'lon qilingan. Uning ishlari nafaqat O‘zbekiston, balki nufuzli xalqaro ilmiy jurnallar va to‘plamlarda ham chop etilgan. Ilmiy faoliyatidagi asosiy e’tibor arab filologiyasi, islom tarixi, manbashunoslik va mumtoz sharq adabiyoti, xususan, Abu Hanifaga oid manoqiblar sohalaridagi dolzarb muammolarni o‘rganish hamda amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan.
R. Matibayeva pedagogik faoliyati davomida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, o‘qitish jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy etish, talabalarning mustaqil fikrlash qobiliyati va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirgan. Uning darslari zamonaviy yondashuvlar hamda innovatsion metodlar, jumladan, Blum taksonomiyasi va aralash ta’lim asosida olib borilib, talabalarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda, ularning amaliy hamda kommunikativ tajribasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, R. Matibayeva xalqaro ta’lim va ilmiy loyihalar yo‘nalishida ham faoliyat yuritib, nufuzli xorijiy universitetlar bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur xalqaro hamkorlik aloqalari doirasida olima xorijlik doktorantlarning ilmiy tadqiqot ishlariga ham bevosita rahbarlik qilib kelmoqda. Shuningdek, u O‘mmon Sultonligi hamda ICESCO xalqaro tashkilotining «Mishkat: arab bo‘lmaganlarga arab tilini o‘rgatish» loyihasi kabi nufuzli dasturlarda malaka oshirib, ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etib kelmoqda.
Professor R. Matibayeva ilmiy rahbar sifatida ham sermahsul faoliyat ko‘rsatmoqda. U ko‘plab mahalliy mustaqil tadqiqotchilarning ilmiy faoliyatiga yaqindan ko‘maklashib, yosh olimlarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Xususan, uning rahbarligida qator magistrlik va bakalavrlik bitiruv malakaviy ishlari muvaffaqiyatli himoya qilingan.