Abdullayeva Mohira Zaxidjanovna
“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Biografiya
Dinshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Abdullayeva Mohira Zaxidjanovna umumiy mehnat faoliyati bo‘yicha 15 yildan ortiq ish tajribasiga ega.
Mehnat faoliyatini 2010-yilda Toshkent shahridagi “Aloqa tarixi muzeyi”da yetakchi mutaxassis sifatida boshlagan. 2010-2016-yillar davomida mazkur muassasada faoliyat yuritib, tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish yo‘nalishlarida samarali ish olib borgan.
2016-2017-yillarda Toshkent islom universitetining “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasida o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritgan. 2018-2020-yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tayanch doktorant sifatida ilmiy izlanishlar olib borib, dinshunoslik sohasidagi tadqiqotlarini davom ettirgan.
2020-2021-yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasida o‘qituvchi, 2021-2022-yillarda katta o‘qituvchi, 2022-2023-yillarda kafedra dotsenti vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2024-yildan buyon O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi UNESCO “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish” kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda.
M.Abdullayeva 2012-yilda Toshkent islom universitetining Dinshunoslik yo‘nalishi magistraturasini tamomlagan. Dinshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘lib, ilmiy faoliyatini din va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kibermakon va din, diniy jarayonlarning raqamli transformatsiyasi, diniy ekstremizm va radikalizm profilaktikasi, dinlararo muloqot hamda qiyosiy dinshunoslik yo‘nalishlarida olib bormoqda.
Shu kunga qadar M.Abdullayeva 100 dan ortiq ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlar muallifi bo‘lib, ular qatorida monografiyalar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar hamda konferensiya materiallari mavjud. Uning ilmiy ishlari O‘zbekiston, Yevropa va boshqa xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy nashrlarida e’lon qilingan.
M.Abdullayeva xalqaro ilmiy hamjamiyatda ham faol ishtirok etib kelmoqda. U ORCID xalqaro ilmiy identifikatori (0000-0003-0417-5556), Web of Science ResearcherID (B-1428-2018), Scopus Author ID (59396551400) va Google Scholar profili (XsUviU8AAAAJ) orqali ilmiy faoliyatini xalqaro ilmiy bazalarda namoyon etib kelmoqda. Uning ilmiy maqolalari Web of Science va Scopus bazalarida indekslangan nashrlarda chop etilgan.
Pedagogik faoliyati davomida M.Abdullayeva dinshunoslik, jahon dinlari tarixi, din va kibermakon, diniy kommunikatsiyalar hamda zamonaviy diniy jarayonlar bo‘yicha fanlardan dars berib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning dars mashg‘ulotlari zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interaktiv metodlar asosida tashkil etilib, talabalarning mustaqil fikrlashi, tahliliy yondashuvi hamda ilmiy tadqiqot olib borish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
M.Abdullayeva xalqaro akademik hamkorlik yo‘nalishida ham faoliyat olib borib, Germaniya, Italiya, Misr, Ruminiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning oliy ta’lim hamda ilmiy muassasalari bilan hamkorlik dasturlari, ilmiy stajirovkalar va xalqaro loyihalarda ishtirok etib kelmoqda. U UNESCO kafedrasi doirasidagi qator xalqaro tashabbuslarda faol qatnashib, dinshunoslik va qiyosiy dinlarni o‘rganish sohasida xalqaro tajriba almashish va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
M.Abdullayeva ilmiy rahbar va maslahatchi sifatida ham samarali faoliyat yuritib, talaba va magistrlarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilmoqda. Uning ilmiy rahbarligida 30dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan. Mohira Zaxidjanovna pedagogik faoliyati yosh avlodni ma’naviy-ma’rifiy tarbiyalash, zamonaviy ilmiy tafakkurni rivojlantirish hamda dinshunoslik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.